4-dars: AI agentlar va vibe coding
Dars haqida
Davomiyligi: 90 daqiqa Maqsad: Talaba oddiy chatbot bilan AI agent farqini tushunishi, agentning "maqsad — reja — bajarish — tekshirish — tuzatish" siklini bilishi, vibe coding tushunchasi bilan tanishishi, asosiy AI dasturlash vositalarini taqqoslay olishi hamda keyingi darsga tayyorgarlik sifatida VS Code o'rnatib, terminal bilan ilk marta tanishishi kerak.
1. Hozirgacha nimani bilamiz?
2-oyda AI bilan ancha ishladik:
- ChatGPT, Claude, Gemini'da savol-javob qildik
- Prompt engineering — aniq so'rov yozishni o'rgandik
- AI bilan rasm va video yaratdik, Canva'da dizayn qildik
3-oyning avvalgi darslarida esa AI'ning ichiga qaradik: model nima, qanday o'qitiladi, qanday turlari bor.
Endi bir narsaga e'tibor bering: shu paytgacha AI bizga doim javob berdi. Matn, rasm, g'oya — lekin baribir faqat javob. Undan keyingi ish o'zimizda qolar edi:
| AI nima qildi | Keyin o'zimiz nima qildik |
|---|---|
| Insho yozib berdi | Word'ga ko'chirdik, formatladik |
| Jadval tuzib berdi | Excel'ga qo'lda kiritdik |
| Kod misolini ko'rsatdi | Qayerga qo'yishni bilmay qoldik |
| Reja tuzib berdi | Bajarish o'zimizga qoldi |
Bugun yangi bosqichga o'tamiz: javob beribgina qolmay, ishni o'zi bajaradigan AI — AI agent.
2. Chatbot vs agent — asosiy farq
Bir gap bilan: chatbot savolga javob beradi, agent esa vazifani bajaradi.
| Chatbot | AI agent | |
|---|---|---|
| Nima qiladi | Javob matnini yozadi | Ishni boshidan oxirigacha qiladi |
| Natija | Matn — nusxalab o'zingiz ishlatasiz | Tayyor ish: fayl, sayt, dastur |
| Qadamlar | 1 savol — 1 javob | O'zi o'nlab qadamni ketma-ket bajaradi |
| Vositalari | Faqat matn yozish | Fayl yaratish, buyruq bajarish, qidirish |
| Xato chiqsa | Siz payqab, qayta so'raysiz | O'zi tekshiradi, o'zi tuzatadi |
| Misol so'rov | "Sayt qanday yasaladi?" | "Menga sayt yasab ber" |
Farqni jonli ko'raylik — ikkalasiga bir xil gap aytamiz.
Chatbot bilan:
Siz: Do'konim uchun sayt kerak.
Chatbot: Sayt yaratish uchun quyidagilar kerak bo'ladi:
1. index.html fayl yarating
2. Unga sarlavha va mahsulotlar bo'limini yozing
3. style.css fayli bilan bezang
...
[Chiroyli tushuntirdi — lekin sayt YO'Q.
Hamma ish sizda qoldi.]Agent bilan:
Siz: Do'konim uchun sayt yasab ber.
Agent: Boshladim.
- index.html yaratdim — bosh sahifa
- style.css yaratdim — dizayn
- Mahsulotlar bo'limi va aloqa formasi qo'shdim
Tayyor! Papkangizda index.html paydo bo'ldi —
brauzerda ochib ko'ring.
[Fayllar kompyuteringizda HAQIQATAN paydo bo'ldi.]Eng katta farq shu yerda
Chatbot sizga yo'l ko'rsatadi. Agent — yo'lni o'zi bosib o'tadi. Siz taksidagi yo'lovchidek: manzilni aytasiz, rulda esa agent o'tiradi.
3. Agent qanday ishlaydi — 5 bosqichli sikl
Har qanday agentning ichida bir xil aylanma jarayon ishlaydi:
"Do'kon sayti" misolida har bir bosqich:
| Bosqich | Agent nima qiladi | Misolda |
|---|---|---|
| 1. Maqsad | So'rovingizni tushunib oladi | "Do'kon sayti kerak ekan" |
| 2. Reja | Ishni qadamlarga bo'ladi | "Avval HTML, keyin dizayn, keyin mahsulotlar" |
| 3. Bajarish | Fayl yaratadi, kod yozadi | index.html paydo bo'ladi |
| 4. Tekshirish | Natijani o'zi ko'zdan kechiradi | "Kod ishlayaptimi? Xato yo'qmi?" |
| 5. Tuzatish | Kamchilik topsa — qaytib to'g'irlaydi | Xatoni tuzatib, yana tekshiradi |
Diqqat qiling: 4- va 5-bosqichlar aylana hosil qiladi. Agent bir urinishda to'g'ri chiqmasa, qayta-qayta o'zi urinadi — xuddi tajribali usta kabi: qiladi, ko'radi, to'g'irlaydi.
Nega bu kuchli?
Siz bitta so'rov berasiz. Agent esa ichkarida 10, 30, ba'zan 100 dan ortiq qadam bajaradi: fayl ochadi, yozadi, sinaydi, tuzatadi. Chatbotda bu qadamlarning har birini alohida so'rashingiz kerak bo'lar edi.
4. Agent nimadan iborat: LLM + vositalar
Oddiy formula:
Agent = LLM (miya) + vositalar (qo'llar)
Avvalgi darslarda o'rgangan LLM — bu miya: tushunadi, o'ylaydi, reja tuzadi. Lekin miyaning o'zi fayl yarata olmaydi. Buning uchun agentga vositalar (inglizcha: tools) beriladi:
| Vosita | Agent bu bilan nima qiladi |
|---|---|
| Fayl o'qish | Papkangizdagi fayllarni ochib ko'radi, loyihani tushunadi |
| Fayl yozish | Yangi fayl yaratadi, mavjudini tahrirlaydi |
| Buyruq bajarish | Terminalda dastur o'rnatadi, kodni ishga tushiradi |
| Internet qidiruvi | Kerakli ma'lumotni tarmoqdan topib keladi |
Oddiy chatda bular yo'q
ChatGPT'ning oddiy chatiga "faylni kompyuterimga saqlab qo'y" desangiz — saqlay olmaydi: uning "qo'llari" yo'q. Agentda esa aynan shu qo'llar bor. Shuning uchun agent kompyuteringizda haqiqiy ishlar qiladi.
5. Agentlar qayerda uchraydi?
2026-yilga kelib agentlar ko'p sohaga kirib bordi:
| Soha | Agent nima qiladi |
|---|---|
| Dasturlash | Sayt, dastur, o'yin yasaydi — shu haftadagi mavzumiz |
| Qidiruv va tahlil | Deep Research: o'nlab saytni o'qib, hisobot yozadi |
| Ofis ishlari | Jadval to'ldiradi, hujjatlarni tartiblaydi |
| Brauzer agentlari | Saytlarni ochib, ma'lumot yig'adi, forma to'ldiradi |
Biz eng foydalisidan boshlaymiz — dasturchi agentlar. Sabablari:
- Natija darhol ko'rinadi — tayyor sayt, ishlaydigan o'yin
- Kelajak kasbingizga to'g'ridan-to'g'ri bog'liq
- 4-oyda boshlanadigan dasturlash darslariga eng yaxshi tayyorgarlik
6. Vibe coding — kod yozmasdan dastur yasash
2025-yil boshida mashhur AI olimi Andrej Karpathy (OpenAI asoschilaridan biri, Tesla'da AI bo'limini boshqargan) yangi atama kiritdi: vibe coding.
Vibe coding — dastur kodini o'zingiz yozmasdan, AI'ga oddiy tilda nima kerakligini aytib, dastur yaratish usuli. Kod bor — lekin siz unga deyarli qaramaysiz; butun e'tibor natijada bo'ladi.
| Oddiy dasturlash | Vibe coding | |
|---|---|---|
| Kodni kim yozadi | Odam | AI |
| Odam nima qiladi | Har qatorni o'ylab yozadi | Nima keraklini aytadi, natijani sinaydi |
| Qaysi til kerak | C, Python, JavaScript... | Oddiy o'zbek yoki ingliz tili |
| Tezlik | Soatlar, kunlar | Daqiqalar |
| Kim qila oladi | Dasturchilar | Hamma — shu jumladan siz, bugun |
Vibe coding'da so'rovlar shunday ko'rinadi:
Menga do'konim uchun sayt yasab ber: bosh sahifa,
mahsulotlar ro'yxati va telefon raqamim yozilgan
aloqa bo'limi bo'lsin.Xarajatlarimni yozib boradigan oddiy dastur kerak:
sana, summa va izoh kiritaman — hammasini jadvalda
ko'rsatib bersin.Ukam uchun ko'paytirish jadvalini o'rgatadigan o'yin
yasab ber: har to'g'ri javobga yulduzcha bersin.AI bularni o'zi kodga aylantiradi — siz esa natijani ko'rib, "mana bu joyini o'zgartir" deb boshqarib borasiz.
Nega bu biz uchun ayni vaqtida?
Siz hali dasturlashni o'rganmagansiz — C tili 4-oyda boshlanadi. Vibe coding esa kodni bilmasdan ham bugun natija olish imkonini beradi. 4-oydan kodni tushunadigan bo'lganingizda esa AI yozgan narsani o'qiy olasiz — va bu usul o'n barobar kuchliroq ishlaydi.
Vibe coding — sehrli tayoqcha emas
Kichik loyihalar uchun zo'r: shaxsiy sayt, mini o'yin, kalkulyator. Lekin bank ilovasi yoki kasalxona tizimini "vibe" bilan yasab bo'lmaydi — jiddiy loyihada kodni tushunadigan odam shart. Shuning uchun 4-oydan dasturlashni baribir chuqur o'rganamiz. AI — asbob; asbobning xo'jayini bilimli bo'lishi kerak.
7. AI kod vositalari xaritasi
Vibe coding uchun asboblar ko'p. Ularni uch guruhga bo'lish mumkin:
| Vosita | Kimniki | Qayerda ishlaydi | Narxi | Kuchli tomoni |
|---|---|---|---|---|
| Claude Code | Anthropic | Terminal, VS Code, desktop ilova | Claude Pro — $20/oy | Eng kuchli agentlardan: butun papkani ko'radi, o'zi tuzatadi |
| Codex | OpenAI | ChatGPT ichida, CLI, IDE | ChatGPT Plus — $20/oy | Vazifani cloud'da o'zi bajarib, natijani olib keladi |
| GitHub Copilot | GitHub / Microsoft | VS Code ichida | Bepul tier bor | Yozayotganda kodni to'ldiradi + chat |
| Cursor | Cursor | Alohida muharrir — VS Code asosida | Bepul tier bor | AI muharrirning o'ziga qurilgan |
| Gemini CLI | Terminal | BEPUL — kunlik limit bilan | Bepullar ichida eng kuchli agent |
Talaba uchun asosiy xulosa
Gemini CLI — bepul. Google akkauntingiz bilan kirasiz va har kuni bepul limit olasiz — mashq uchun bemalol yetadi. Claude Code va Codex'ni darsda o'qituvchi akkaunti orqali ko'ramiz: tamoyillari bir xil, bilim to'liq ko'chadi.
8. Qaysi holatda qaysi vosita?
| Holat | Tavsiya |
|---|---|
| Uyda bepul mashq qilmoqchiman | Gemini CLI — bepul terminal agenti |
| Kod umuman ko'rgim yo'q, faqat natija kerak | ChatGPT yoki Gemini chatida so'rab, faylni saqlash — 6-darsda o'rganamiz |
| To'liq kuchli agentni ko'rmoqchiman | Claude Code — darsda o'qituvchi akkaunti bilan |
| VS Code'da yozganimda yonimda maslahatchi bo'lsin | GitHub Copilot — bepul tier |
| AI bilan qurilgan muharrirni sinamoqchiman | Cursor — bepul tier |
| Uyda ChatGPT Plus obunam bor | Codex ham ochiq |
Endi darsning ikkinchi qismi — kelasi darsga tayyorgarlik. Claude Code va Gemini CLI bilan ishlash uchun bizga ikki narsa kerak: VS Code va terminal bilan boshlang'ich tanishuv.
9. VS Code o'rnatamiz
VS Code (Visual Studio Code) — Microsoft'ning bepul kod muharriri, dunyoda eng ko'p ishlatiladigan dasturlash dasturi.
Bizga nega kerak:
- Kelasi darsda Claude Code'ni VS Code ichida ishlatamiz
- AI yaratgan fayllarni ochish, ko'rish va tahrirlash uchun
- 4-oyda C tilini o'rganishda asosiy ish joyimiz bo'ladi
O'rnatish qadamlari
- Brauzerda code.visualstudio.com saytiga kiring
- Katta Download tugmasini bosing — sayt tizimingizni o'zi taniydi:
- Windows —
.exefayl yuklanadi - Mac —
.zipfayl yuklanadi
- Windows —
- O'rnating:
- Windows: faylni oching → "I accept the agreement" → Next → Next → Install. "Add to PATH" belgisi qo'yilgan bo'lsin
- Mac: arxivdan chiqqan Visual Studio Code ilovasini Applications papkasiga sudrab o'tkazing
- VS Code'ni oching — Welcome sahifasi chiqsa, hammasi joyida
Interfeys bilan qisqa tanishuv
| Element | Nima |
|---|---|
| Explorer — chap panel | Ochilgan papka va fayllar ro'yxati |
| Editor — markaz | Fayl matni shu yerda ochiladi |
| Terminal menyusi | Ichki terminal — hozir kerak bo'ladi |
| Extensions — chap panel | Kengaytmalar do'koni — Claude Code ham shu yerdan o'rnatiladi |
10. Terminal bilan mini tanishuv
Bu faqat tanishuv
Terminal — katta mavzu, uni 4-oyda alohida va chuqur o'tamiz. Bugun 10 daqiqalik tanishuv qilamiz, chunki Claude Code va Gemini CLI aynan terminalda yashaydi.
Terminal — kompyuterni matn buyruqlari bilan boshqarish oynasi. Sichqoncha bilan bosish o'rniga buyruq yozasiz, kompyuter matn bilan javob beradi. Dasturchilar uni har kuni ishlatadi: tez, aniq, kuchli.
Qanday ochiladi?
| Tizim | Yo'l |
|---|---|
| Windows | Start tugmasi → terminal deb yozing → Enter. Eski tizimlarda: cmd |
| Mac | Cmd + Space → terminal deb yozing → Enter |
| VS Code ichida | Yuqori menyu: Terminal → New Terminal — biz uchun eng qulayi |
Bugungi uchta buyruq
| Buyruq | Nima qiladi | Qayerda ishlaydi |
|---|---|---|
pwd | Hozir qaysi papkada turganingizni ko'rsatadi | Mac va Windows PowerShell |
ls / dir | Shu papkadagi fayllar ro'yxatini chiqaradi | ls — Mac va PowerShell, dir — Windows cmd |
cd nomi | Ko'rsatilgan papkaga o'tadi | Hammasida bir xil |
Windows misoli:
C:\Users\Aziz> dir
Desktop
Documents
Downloads
C:\Users\Aziz> cd Desktop
C:\Users\Aziz\Desktop> dir
rasm.png
hujjat.docxMac misoli:
~ % ls
Desktop Documents Downloads
~ % cd Desktop
Desktop % ls
rasm.png hujjat.docxYana bitta foydali narsa: cd .. — bir pog'ona orqaga, tashqi papkaga qaytish.
Terminalda nusxalash va qo'yish
Kelasi darsda terminalga uzun promptlar qo'yamiz — hozirdan bilib oling:
| Amal | Windows terminali | Mac terminali |
|---|---|---|
| Qo'yish | Ctrl + V yoki sichqoncha o'ng tugmasi | Cmd + V |
| Nusxalash | Belgilab Ctrl + C | Belgilab Cmd + C |
Ba'zi eski Windows terminallarida Ctrl + V ishlamaydi — o'ng tugma bosish yetarli.
Buzib qo'yishdan qo'rqmang
pwd, ls, dir, cd — faqat ko'rish va yurish buyruqlari: hech narsani o'zgartirmaydi, o'chirmaydi. Bemalol mashq qiling. O'chirish kabi xavfli buyruqlarni bugun atayin o'rgatmayapmiz — ularni 4-oyda xavfsizlik qoidalari bilan birga o'tamiz.
11. Agent bilan ishlashning 3 oltin qoidasi
Kelasi ikki darsda agentlarga ish buyuramiz. Hoziroq to'g'ri odatlarni kelishib olaylik.
1-qoida: AI yozganini ko'zdan kechiring
AI yasagan sahifani oching, matnlarini o'qing. Ismingiz to'g'ri yozilganmi? Ma'lumotlar xatosizmi? AI ba'zan o'zidan "fakt" qo'shib yuboradi — buni 2-oydan bilamiz (hallucination).
2-qoida: ishga tushirib sinang
Kod matn ko'rinishida to'g'ridek tuyulishi mumkin, lekin ishlamasligi mumkin. Yagona haqiqiy tekshiruv — ishga tushirish: saytni brauzerda ochish, tugmalarni bosib ko'rish, har bo'limga kirib chiqish.
3-qoida: tushunmaganingizni so'rang
Agent shu yerda o'tiribdi, so'rash bepul:
Hozir nima qilganingni oddiy tilda tushuntirib ber:
qaysi fayllarni yaratding va har biri nima uchun kerak?index.html ichida nima yozilgan? Menga qatorma-qator,
oddiy o'zbek tilida tushuntir.Ruxsat so'ralganda — o'qib tasdiqlang
Agentlar muhim amaldan oldin ruxsat so'raydi: "Fayl yarataymi?", "Shu buyruqni bajaraymi?", "Faylni o'chiraymi?". Hammasiga ketma-ket "ha" deb bosavermang — ayniqsa o'chirish so'rovlarida to'xtab, nimani o'chirmoqchi ekanini o'qing. Bu professional dasturchining odati — hoziroq shakllantiring.
Darsdagi topshiriqlar
Topshiriq 1 — VS Code o'rnatish
code.visualstudio.com saytidan VS Code'ni yuklab o'rnating va quyidagilarni bajaring:
- File → Open Folder orqali Desktop'da yangi papka oching
- File → New File →
salom.txtnomi bilan saqlang - Ichiga "Salom, VS Code!" deb yozib, Ctrl + S (Mac: Cmd + S) bilan saqlang
VS Code — kursning oxirigacha asosiy ish quroling bo'ladi.
Topshiriq 2 — Terminalda uchta buyruq
VS Code'da Terminal → New Terminal oching va bajaring:
pwd— qaysi papkada turganingizni ko'ring (Windows cmd'da buning o'rnigacddeb yozing)lsyokidir— fayllar ro'yxatini chiqaringcd Desktop— Desktop papkasiga o'ting va yanals/dirbajaring
Har buyruqning natijasini daftaringizga yozing: nima chiqdi, nimani tushundingiz?
Topshiriq 3 — Chatbot yoki agent?
Quyidagi holatlarning qaysi biri chatbot ishi, qaysi biri agent ishi? Daftarga C yoki A deb belgilang:
- "Plov retsepti qanday?" — javob matni kerak
- "Papkamdagi 200 ta rasmni sana bo'yicha alohida papkalarga ajratib chiq"
- "Ingliz tilidan shu gapni tarjima qilib ber"
- "Sinfdoshlarim ro'yxatidan jadval yasab, faylga saqlab qo'y"
- "Do'konim uchun sayt yasab, tayyor holda ber"
- "Bugun ob-havo qanday bo'ladi?"
Javoblaringizni yoningizdagi sherigingiz bilan solishtiring va bahsli joylarni muhokama qiling.
Topshiriq 4 — Vositalar jadvalini to'ldiring
Daftaringizga jadval chizing va darsdagi ma'lumotlar asosida to'ldiring:
| Vosita | Pullimi / bepulmi | Qayerda ishlaydi | Kimga qulay |
|---|---|---|---|
| Claude Code | |||
| Codex | |||
| GitHub Copilot | |||
| Cursor | |||
| Gemini CLI |
Oxirida bitta savolga yozma javob bering: siz uyda qaysi biridan boshlaysiz va nega?
Topshiriq 5 — Vibe coding g'oyasi
Kelasi darsda birinchi loyihangizni AI'ga yasatasiz. Bugun g'oyasini tayyorlab qo'ying — daftarga yozing:
- Nima yasatmoqchisiz? — masalan: shaxsiy sayt, oilaviy do'kon sahifasi, sinf uchun test o'yini
- Kim ishlatadi?
- Unda nima bo'lishi kerak? — kamida 3 ta qism
- Shu g'oyani bitta aniq prompt shaklida yozing — 2-oydagi qoidalarni eslang: aniq talab, kontekst, format
Topshiriq 6 — Agent siklini o'z misolingizda chizing
Topshiriq 5 dagi g'oyangiz uchun agent siklini daftarga chizing: maqsad → reja → bajarish → tekshirish → tuzatish.
Har katakka o'z loyihangizdan aniq misol yozing. Masalan, "tekshirish" katagiga: "saytni brauzerda ochib, telefon raqamim to'g'ri chiqqanini ko'raman".
Asosiy tushunchalar (lug'at)
| Termin | Qisqacha izoh |
|---|---|
| Chatbot | Savolga matn bilan javob beruvchi AI |
| AI agent | Vazifani boshidan oxirigacha o'zi bajaruvchi AI |
| Agent sikli | Maqsad → reja → bajarish → tekshirish → tuzatish |
| Vosita (tool) | Agentning "qo'li": fayl yozish, buyruq bajarish, qidirish |
| Vibe coding | Kodni o'zi yozmasdan, AI'ga aytib dastur yasash — Karpathy, 2025 |
| Claude Code | Anthropic'ning AI dasturchi agenti |
| Codex | OpenAI'ning AI dasturchi agenti |
| GitHub Copilot | VS Code ichidagi kod yordamchisi |
| Cursor | AI bilan qurilgan kod muharriri |
| Gemini CLI | Google'ning bepul terminal agenti |
| VS Code | Eng ommabop bepul kod muharriri |
| Terminal | Kompyuterni matn buyruqlari bilan boshqarish oynasi |
| CLI | Command Line Interface — buyruq qatori interfeysi |
cd | Papkalar orasida yurish buyrug'i |
ls / dir | Papka ichidagi fayllar ro'yxatini ko'rish |
| Hallucination | AI'ning o'zidan to'qib yuborishi |